Faoliyati
Behbudiy 1903-yilda Samarqandning Jomboy tumaniga qarashli Rajabamin qishlogʻida „usuli savtiya“ maktabini ochadi. Bu maktab Abduqodir Shakuriy xonadonida tashkil etilgan. Maktab oʻquvchilarining katta qismi shahardan boʻlganligi va Rajabamin qishlogʻiga qatnash qiyinligi sababli keyinchalik bu maktabni Behbudiy oʻzining hovlisiga koʻchiradi. Shu davrda u maktab oʻquvchilari uchun bor qancha darsliklar yaratgan[6]. 1904-yilda „Risolayi asbobi savod“ („Savod chiqarish kitobi“), 1905-yilda „Risolayi jugʻrofiyayi umroniy“ („Aholi geografiyasiga kirish“), 1906-yilda „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ („Qisqacha umumiy geografiya“), 1908-yilda „Kitobatul atfol“ („Bolalar xati“), 1908-yilda „Amaliyoti islom“, 1909-yilda „Tarixi islom“ kitoblarini nashr ettirgan. „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ning toʻliq nomi „Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy va namunai jugʻrofiya“ boʻlib, uni chop etish uchun 1905-yilning 24-avgustida Sankt-Peterburg senzurasidan ruxsat olingan. Shundan soʻng 1906-yili Samarqanddagi G. I. Demurov matbaasida bosilgan. sahifalari soni 106 ta. Muallif ushbu „qadim fan“ga tegishli „turkiy, forsiy, arabiy, rusiy lugʻatlarga tasnif boʻlgan oʻttuz qadar qadim va jadid qutub va rasoili jugʻrofiya, tarixiy, hay’ati riyoziy, tabiiy“lardan va yana juda koʻp turli xildagi manbalardan foydalangan holda yozganini qayd etgan[7].
1907-yil 23-avgustda Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining madaniyat va turmush muammolariga bagʻishlangan qurultoyi chaqirilgan[8]. Qurultoyda Behbudiy turkistonliklar guruhini boshqargan va nutq soʻzlagan[9]. Shu yili Behbudiy Rossiya 3-Davlat Dumasining Musulmon fraksiyasiga „Turkiston madaniy muxtoriyati“ loyihasini koʻrib chiqish uchun joʻnatgan. Behbudiy loyihada Davlat dumasiga Turkiston musulmon aholisining nufuziga mos vakillar saylanishi, diniy idoraviy ishlarda erkinlikni, Turkistondagi mahalliydan tortib har qanday darajadagi boshqaruvda mahalliy xalq vakillarining ishtirok etishini taʼminlash, turkistonlik xalqlar uchun majburiy hamda bepul umumtaʼlimni joriy qilish, mahalliy aholi roziligisiz Turkistonga Rusiyaning turli hududlaridan aholi koʻchirilishini toʻxtatish, rus istilosi natijasida tortib olingan vaqf mulklarini qaytarish singari qatʼiy talablarni ilgari surgan. Loyihada yozilgan ism-sharifi hamda mansabi ostiga oʻz muhrini ham bosgan[10]. Biroq, uning bu loyihasi 3-Davlat Dumasi tomonidan eʼtiborsiz qoldiriladi[6].
Behbudiy 1913-yildan boshlab matbuot ishlari bilan shugʻullangan. Shu yilning aprelida „Samarqand“ gazetasiga asos solgan. Gazeta ikki tilda: oʻzbek va tojik tillarida, haftada 2-marta chop etilgan. Dastlab ikki sahifada boʻlgan gazeta 3-8-sonlarida sahifalari soni toʻrttaga yetkazilgan. 400-600 nusxada chop etilgan. 45-soni chiqqach, chor hukumatining tazyiqi hamda moddiy qiyinchiliklar tufayli nashr toʻxtagan[11]. Shu yilning 20-avgustidan „Oyna“ jurnali chiqara boshlagan. Haftalik nashrdan chiqqan bu jurnal asosan oʻzbekcha boʻlib, maqola (forscha), sheʼr, eʼlonlar (ruscha) ham berib borilgan. Sahifalarida illustratsiyalardan foydalanilgan. Jurnal Tatariston, Eron, Kavkaz, Afgʻoniston, Turkiya, Hindistongacha tarqalgan. „Oyna“ jurnalining sohasi keng qamrovli boʻlib, unda millatning tarixi, haq-huquqi, adabiyot hamda til masalalari, jahondagi ahvol toʻgʻrisida maqola va munozaralar berib borilgan. Jurnal faoliyati 20 oy davom etgan. Shu davr mobaynida 68 soni nashr etilgan. Behbudiy kitob nashrini ham yoʻlga qoʻygan. A. V. Pyakovskiy 1913-yili Behbudiy bosmaxonasida Fitratning „Bayonoti sayyohi hindi“ asarini rus tiliga tarjima qilib, nashr etgan[8]. Turli xildagi darslik hamda qoʻllanmalardan tashqari nashriyotda „Turkiston, Buxoro va Xivaning xaritasi“ni bosib chiqargan[12]. 1917-yili alloma safdoshlari – Fitrat, Ayniy, Ajziy, Muhammadquli Oʻrinboyev, A. Shomansur bilan birgalikda „Hurriyat“ roʻznomasini, „Zarafshon“ shirkatini hamda „Nashri maorif“ni tashkil etgan[13].
Behbudiy 1917-yilning 16-23-aprelida Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 150 nafar vakili qatnashgan qurultoyda ishtirok etib, nutq soʻzlagan. Nutqida musulmonlar orasidagi har qanday ixtiloflarga qarshi chiqqan. Ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishga chorlagan. Shunday kelishmovchiliklar tufayli „mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar“ deb ochiq soʻzlagan[8]. 1917-yilning 17-martida qabul qilingan Buxoro amirligida amir boshchiligida islohotlar oʻtkazish talabi toʻgʻrisidagi manifest mualliflaridan biri boʻlgan[14]. Behbudiy shu qurultoyda oʻlka musulmonlar shoʻrosining raisi etib saylangan.
1917-yil 26-noyabrda Behbudiy Qoʻqonda ish boshlagan oʻlka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyida qatnashgan. 27-noyabrga oʻtar kechasi «Turkiston muxtoriyati» eʼlon qilindi. Uning gʻoyaviy rahbarlari biri Behbudiy boʻlgan. Muxtoriyat shoʻrolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda koʻp tura olmay Toshkentga keladi.
Bu davrda jadidlar va milliy ziyolilar oldida uch tanlov mavjud boʻlgan: birinchisi: xorijiy davlatga chiqib ketish, ikkinchisi: qoʻlida qurol bilan oʻz fikr va gʻoyalarini himoya qilish, uchinchisi: yangi tuzilgan hukumat bilan murosa yoʻliga kirib, xalq taraqqiyoti, maʼrifati yoʻlida xizmat qilish boʻlgan. Turkiston jadidlarining yetakchisi boʻlgan Behbudiy xalq orasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan. Yangi tuzilgan hukumat ham buni yaxshi tushungan. Shu sababdan alloma yangi hukumat tarkibida milliy masalalar boʻyicha komissariat organlarida ishlashga rozilik beradi. Komissariatning turkiy millat masalalari boʻlimini boshqarish vazifasida faoliyat yuritgan. Hujjatni mutafakkir Toshxoʻja Ashurxoʻja imzolagan[15]. Behbudiyning oylik maoshi 700 rubl etib belgilangan. Komissar oʻrinbosari sifatida Behbudiy hududdagi maʼnaviy hamda maʼrifiy ishlarga mas’ul boʻlgan. Shu davrda uning tashabbusi bilan „Ishtirokiyun“ („Kommunist“) gazetasi nashr qilingan. Behbudiy nashr bosh muharriri vazifasiga Orif Klivliyevni tayinlagan[15].
Behbudiy 1918-yillari siyosatda faol boʻlgan. Arxiv hujjatlaridan olingan maʼlumotlarga qaraganda, 1918-yilning yozida Toshkentga borib Turkiston hukumatining Qurultoyida qatnashgan. Shuningdek, ocharchilikka barham berish va oziq-ovqat muammosini bartaraf qilishga oid maqolalarni eʼlon qilgan. Partiya va ijro organlarining mutasaddi rahbarlari bilan uchrashgan[15].
Kuz oylariga kelib Bebudiy sovetlar va kommunistlar olib borayotgan siyosat mafkurasi notoʻgʻri yoʻnalishdaligini anglab yetgan. Bu mafkura mahalliy xalqlar uchun zararli degan qarorga kelgan. Natijada 1918-yilning oktyabr-noyabr oylariga kelib vazifasidan ketishga qaror qilgan. Hujjatlarda koʻrsatilishicha, Turkiston komissarlar soveti raisi Malkovning imzosi bilan Mahmudxoʻja Behbudiy raislik qilgan sektor tarqatib yuborilgan. 1918-yilning 5-noyabridan boshlab sektor aʼzolariga taqdim qilingan tashviqot va targʻibot olib borish huquqini beruvchi hujjatlar bekor qilingan. Behbudiy ham tashkilotni tark etgan[15].
Ilmiy tadqiqotchilar fikricha Behbudiy shundan keyin haj safariga otlangan.
Dramaturgiya

Behbudiy ijodiy faoliyati davomida ikki pyesa yozgan. Biri nashr etilmagan[14]. 1911-yili birinchi oʻzbek dramasi boʻlgan „Padarkush yoxud Oʻqimagan bolaning holi“ asarini yozgan. Yozuvchi asar sarlavhasidan soʻng qavs ichida janr va mavzusini „Turkiston maishatidan olingan ibratnoma“ deb keltirgan. 3 parda 4 manzarali mazmunan sodda asarda oʻqimagan, nodon va johil bolaning oʻz otasini oʻldirgani haqida bayon etilgan. Asarning ilk qismlari Buxoroda chiqayotgan „Turon“ gazetasining 1913-yil 1- va 3-yanvar sonlarida bosilgan. Biroq gazeta yopilishi natijasida soʻnggi qismlari nashr etilmagan. „Padarkush“ asari Samarqand harbiy gubernatori, general-mayor Ilya Oleshilidzening koʻmagi va „matbuot ishlari Tiflis qoʻmitasi“ning 1913-yil 23-iyul sanali ruxsati bilan Samarqanddagi Gazarov va Siyanov matbaasida bosilib chiqqan[16]. Kitob muqovasiga „Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubileyiga bagʻishlanadi“ degan yozuv qayd etilgan. Pyesa sahnaga chiqishi uchun yana bir yilcha vaqt ketgan. Asar 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda ozarbayjonlik rejissyor Ali Asqarov tomonidan „Qiroatxonai islomiya“ („Islom qiroatxonasi“) kutubxonalar zalida namoyish qilingan. 1914-yil 27-fevralda Abdulla Avloniy boshchiligida Toshkentda „Turon“ teatr truppasi tomonidan Kolizey maydonida qaytadan sahnalashtirilgan[17].
Toshkentdagi namoyish oldidan Munavvarqori Abdurashidxonov teatrning jamiyat oldidagi oʻrni va roli haqida nutq soʻzlagan. Boy rolini Abdulla Avloniyning oʻzi ijro etgan. „Turon“ teatr truppasi 1914—1916-yillarda „Padarkush“ spektaklini butun Fargʻona vodiysida namoyish etgan[18].
Drama 7-mayda ikkinchi marta sahnaga taqdim etilgan. „Oyna“ jurnalida yozilishicha ikkinchi namoyishda biletlar sotuvidan 384 soʻm 50 tiyin mablagʻ tushgan. Ushbu pulning 184 soʻm 50 tiyini spektaklning xarajatiga sarflangan. Ortgan 200 soʻmdan 110 soʻm qismi maktab islohi uchun, 15 soʻmi Buxoriy qishlogʻida joylashgan mulla Joʻraboy ochgan maktabga, 35 soʻmi Jomboy tumanidagi Bozoramin Hodixoʻja tashkil qilgan va muallim mulla Komil idorasidagi maktabga, 35 soʻmi Abduqodir Shakuriy maktabiga, qolgan 15 soʻmi esa „gorodskoy uchilishche“da oʻqitilayotgan musulmon bolalarga boʻlib berilgan[19].
Behbudiy roziligi bilan „Padarkush“ spektakli 1914-yil 5-martda Buxoroning „Turkiston“ saroyida Husayn Najib rahbarligida tatar sanʼatkorlari tomonidan sahnaga qoʻyilgan[20].
„Inqilob“ jurnalining 1922-yilda nashrdan chiqqan sonlarining birida B. A. Pyakovskiy „Oʻzbek teatri tarixi“ nomli maqola eʼlon qiladi. Maqolada teatrning vujudga kelishi haqida fikr yuritib „Oʻzbek teatrining asosini qoʻyib beruvchi samarqandlik Mahmudxoʻja Behbudiydir“ deb yozgan[21].
Ijtimoiy publitsistika
Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining publitsistik faoliyatini 1902-yilda Turkistonda mahalliy tilda nashrdan chiqqan rasmiy „Turkiston viloyatining gazeti“dan boshlagan. Gasprinskiy 1904-yilda boʻlib oʻtgan rus-yapon urushi munosabati bilan „Tarjimon“ gazetasida musulmonlarni ushbu urushda qatnashayotgan rus hamda musulmon askarlariga yordam koʻrinishida pul, kiyim-kechak, oziq-ovqat toʻplab joʻnatishga daʼvat qilib bir qancha maqola yozgan. Behbudiy ham aynan shu mavzuda „Turkiston viloyatining gazeti“ roʻznomasida kichik maqola eʼlon qilgan. Maqolada Behbudiy Turkiston aholisiga musulmonlar nima uchun rus askarlariga hamda podsho hokimiyatiga yordam berishlari sababini tushuntiradi. Yozuvchi oʻz soʻzlarining isboti koʻrinishida „gazetlarda yozilib“ turgan „Qrim tarafidagi baʼzi shaharliklar“ mablagʻ va kiyim yigʻib yuborganliklari hodisasini misol tariqasi keltiradi. Behbudiy „gazetalar“ deganida aynan „Tarjimon“ gazetasini nazarda tutgan va „Tarjimon“da berilgan maʼlumotlardan foydalangan[22].
„Oyna“ jurnalining ilk sonidayoq Behbudiy „Ikki emas, toʻrt til lozim“ nomli maqolasini eʼlon qilib, oʻzbek, arab, tojik, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shart deya murojaat qilgan. Hurriyat gazetasida eʼlon qilingan „Haq olinur, berilmas“ maqolasida mustaqillikka faqat qoʻlga qurol olib erishish mumkinligini bayon qilgan. „Qozoq qarindoshlarimizgʻa ochiq xat“ maqolasida turli ixtiloflar ichidagi qozoq xalqini birlikka chaqiradi.
Ayni paytda tilning muhofazasi („Har millat oʻz tili ila faxr etar“ –1914, № 35), oʻzaro munosabatlari („Til masalasi“ – 1915, № 11,12) haqida muhim va zarur maqolalar chop etdi. Adabiy tanqidga jiddiy eʼtibor qilgan. Shiningdek, teng huquqlik masalasini ham koʻtargan („Tanqid saralamoqdir“ – 1914, № 27). Millat shaʼnini oyoqosti qiluvchi fikr va qarashlarni rad etib, Turkiston xalqini oʻz nomi bilan atash kerakligini talab qilib chiqqan („Sart soʻzi majhuldur“ 1915, № 22,23,25,26).
1913-yili yozilgan „Ehtiyoji millat“ maqolasida 30 yil muqaddam Samarqand hududidagi bitta Yomoni mahallasining oʻzida 300 alochabof ishchi boʻlgani taʼkidlangan. Ayni paytda ulardan bor-yoʻgʻi 30 kishi qolgani va yana 10 yildan soʻng qolgani ham tugab ketishi xavfi borligi qayd etilgan. „Bu ketishning oxiri yomondur, oʻqimoq va oʻqitmoq kerakdur. Otalardan bolalarga ilmi diniy va ilmi zamonaviy meros qolsun“ deydi alloma[23].
Behbudiy oʻzbek matbuoti tarixida maqolanavis sifatida oʻz oʻrniga ega[24]. Uning hozirgacha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi[25]. Ular turli xil mavzuda. Ilk maqolalaridan boshlab kommunistik mafkurani rad etgan, „xayoliy“, „bu toifaga qoʻshulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik“ deb yozgan edi („Xayrul umuri avsatuho“ – „Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir“, „Xurshid“ gazetasi 1906-yil, 6-son). Oʻzlikni anglashni muhim biladi. «Qabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni «qulq „marquq“ derlar», deb yozadi („Sart soʻzi majhuldur“, „Oyna“ jurnali, 1914, № 23). 1917-yilning oxiri 1918-yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal boʻlayotgan bir paytda oʻlka xalqlarini birlikka chaqiradi.