Til bilgan – el biladi

Til bilgan – el biladi

Davlatimiz rahbari 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Vatan istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatgan Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ma’rifatparvar ajdodlarimiz qatori Mahmudxo‘ja Behbudiyni ham “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlagani alloma shaxsiyatini yuqori bosqichga olib chiqdi. Qolaversa, Prezidentimizning Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga qilgan tashrifidan so‘ng yoshlar orasida buyuk mutafakkirlarning hayoti va ijodini chuqur o‘rganish, ular tomonidan qoldirilgan ilmiy-ma’naviy merosga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan Behbudiyning “Ikki emas, to‘rt til lozim” nomli maqolasini targ‘ib etishga qaratilgan “Til bilgan – el biladi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Adiblar xiyobonida joylashgan Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda o‘zbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga qo‘shgan beqiyos hissasi xususida so‘z yuritildi.

“Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi hamda “O‘zbek tili va mumtoz Sharq adabiyoti” kafedrasi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatini Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan boshlab, ma’rifatparvar bobolarimizning ilm-fanga qo‘shgan beqiyos hissasi haqidagi mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, “O‘zbek tili va mumtoz Sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Malika Nosirova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, behbudiyshunos olim Zaynobiddin Abdurashidov, Akademiya o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi o‘quvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

— Tarixdan ma’lumki, XV-XVI asrlardagi yuksalish, rivojlanishdan so‘ng o‘lkada ma’naviy va ilmiy qoloqlik kuzatildi, — deydi behbudiyshunos olim Zaynobiddin Abdurashidov. — Buning natijasida istilochilar tomonidan o‘lka bosib olindi. Mahalliy aholi uchun og‘ir damlar boshlangan davrda yurtimizda jadidchilik harakati keng yoyildi. Harakat yetakchilari yurt rivoji, insonlarning farovon turmushi, yoshlar tarbiyasi, xalqni savodxon qilish yo‘lida astoydil harakat qilishdi. Ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy ular safidagi yo‘lchi yulduz, chinakam yetakchi edi. U millat rivoji uchun ko‘plab darsliklar, maqolalar yozadi. Yurtni ma’naviy va siyosiy qoloqlikdan olib chiqishga urinadi.

Darhaqiqat, ma’rifatparvar bobolarimizning millat ma’naviyati, ertangi istiqloli uchun qilgan sa’y-harakatlari tarix zarvaraqlarida muhrlandi. 1913 yilda “Oyna” jurnali ilk soning 12-14-betlarida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Ikki emas, to‘rt til lozim” sarlavhali maqolasi chop etiladi. Maqolada Behbudiy “Forsiy bilgan kishi Firdavsiy, Bedil, Sa’diy, “Masnaviy”dan qanday lazzat olsa, turkiy bilganlar Fuzuliy, Navoiy, Boqiy, Somiy, Abdulhaq Homid, Akrambek, Sanoyi, Nobiy, Nojiylardan, yana Tolsto‘y, Jul Vern va ulamoi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan lazzat shunday oladur” deya ta’kidlab o‘tadi.

Yuqoridagi fikrlardan shuni anglash mumkinki, bu da’vat bilan bizga nafaqat boshqa tillarni ham o‘rganish, balki o‘sha tillardagi asarlarni o‘qib, uni tushunib, ma’naviy ozuqa olishimiz mumkinligi uqtirilmoqda. Behbudiy maqolasining xulosa qismida bugun bizlarga to‘rt tilda tahrir va taqrir etuvchilar kerakligini yozadi. Ya’ni arab, rus, turk va fors tillaridan tarjimonlar kerakligini bu o‘gitning hozirgi zamon uchun ham qanchalik dolzarbligini ko‘rsatmoqda. “Til bilgan – el biladi” degan ibora bugungi kun uchun ham katta ahamiyatga ega.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar talaba-yoshlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar berdi.

— Bugungi uchrashuvda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasining mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga yetkazishga harakat qildik, — deydi filologiya fanlari nomzodi Malika Nosirova. — Maqolada allomaning vatanparvarligi yaqqol namoyon bo‘lib, yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishga undaydi. Dunyoviy bilimlarini oshirishlari kerakligini ta’kidlaydi. Allomaning bu maqolasi zamiridagi ezgu istak va bunyodkor g‘oyani kuni kecha Davlatimiz rahbari 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kunidagi ma’ruzalarida ham ta’kidlab o‘tdilar. Ular o‘zbek ziyolilari, yoshlari oldiga ulkan vazifa — Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni qo‘ydilar. Buning uchun esa dunyo ilm-fani, olib borilayotgan tadqiqotlardan boxabar bo‘lishimiz talab etiladi.

Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar tomonidan alloma faoliyati to‘g‘risida savollar berildi. Ma’ruzachilar o‘quvchilarni qiziqtirgan savollariga javob berib, tadbirni yanada qiziqarli sur’atda o‘tishini ta’minladi. Faol yoshlar Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va ijodi aks etgan kitoblar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati