Ezgu g‘oyalar targ‘iboti

Ezgu g‘oyalar targ‘iboti

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida joylashgan Adiblar xiyobonida  “Qadriyatlarimiz — o‘zligimiz ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi,  “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi, Xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunoslar,  Xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyi o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Bizni kemirguvchi illatlar” sarlavhali maqolasining mazmun-mohiyati, unda alohida e’tibor qaratilgan muhim masalalar, jamiyat rivoji uchun aytilgan qimmatli fikrlar va maqoladagi mohiyat bugungi davr uchun ham o‘z dolzarbligi bilan ahamiyatli ekani haqida so‘z bordi.

Akademiya “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi o‘qituvchilari — Yusuf Sodiqov, Yorqinjon Shukurov, Sirojiddin Sotvoldiyev tadbirda o‘z ma’ruzasi bilan qatnashib, maqola borasidagi mulohazalari, o‘rganilgan ma’lumotlari haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Shuningdek, Akademiya talabalari — E’zoza Usmonxo‘jayeva, Anvar Mustafoyev maqolani o‘qib chiqqanlari, ma’rifatparvar Behbudiyning ilgari surgan ezgu g‘oyalari, yuzaga kelgan muammolarni oldini olish uchun bergan muhim takliflari haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

— Bu yil tavalludining 145-yilligi nishonlanayotgan ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib etuvchi tadbirlarda faol qatnashib kelyapman, — deydi Akademiya talabasi E’zoza Usmonxo‘jayeva. — Albatta, bunday buyuk ajdodlarimiz faoliyatini qisqa muddatda o‘rganib bo‘lmaydi. Ammo o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali ularning ijodiga oz bo‘lsa-da, yaqin borish, tarixda o‘zining ibratli faoliyati bilan iz qoldirgan buyuk shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

Ma’lumki, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasi 1915-yil “Oyna” jurnalining 13-son, 338-342-betlarida e’lon qilingan bo‘lib, maqolada aholi tomonidan o‘tkaziladigan to‘y va oilaviy marosimlarni tartibga solish, har bir ishni boshlashdan oldin kishi o‘z aql-zakovatiga tayangan holda ish ko‘rishi, o‘tkinchi orzu-havasga berilmasdan, farzandlar kelajagi, kamoloti uchun birinchi navbatda ilm-fanga, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratishi muhimligi aytiladi.

— Turkiston jadidchilik harakatining rahbari, buyuk taraqqiyparvar Behbudiyning ushbu maqolasida, xalqni kemiruvchi illatlar va bunga har bir davr uchun yechim bo‘la oladigan takliflar yozilgan, — deydi Akademik litsey o‘quvchisi Hojiakbar Yoqubjonov. — Aynan ma’rifatparvar bobokalonimiz tomonidan jamiyat rivoji uchun ilgari surilgan ezgu g‘oyalar bugungi kungacha o‘rganilib, hayotimizga keng tatbiq etilmoqda. Ilm-ma’rifat bilan hamnafas bo‘lish, moddiyatni faqat ma’naviyat, ma’rifat yo‘lida sarflash va bu orqali kishi o‘zi yashab turgan jamiyat taraqqiyotiga o‘z munosib hissasini qo‘shmog‘i zarurligi maqolada bosh maqsad qilib olingan.

Ezgu g‘oyalar targ‘ibotiga qaratilgan tadbirda ham buyuk ajdodimizning har bir davr uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladigan, kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilmiy-ma’naviy merosini xalqimiz, qolaversa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.

Mazmunli o‘tgan ma’naviy tadbir davomida talaba-yoshlarning maqola haqidagi savollariga soha mutaxassislari javob berishdi. Ajdodlar merosini o‘rganishga qaratilgan bu kabi tadbirlar zamirida tarixda o‘zining ilm-ma’rifati bilan yorqin iz qoldirgan siymolarga hurmat, ularning jamiyat uchun muhim bo‘lgan g‘oyalarini targ‘ib etish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati