Milliy ma’rifat rahnamosi

Milliy ma’rifat rahnamosi

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligiga

2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi keng nishonlanadi. Mutafakkirning ilmiy, ijodiy, pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik. XX asr o‘zbek adabiyoti va san’atida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat ma’rifati, ozodligi, hurligi yo‘lida mardonavor kurashgan bu ulug‘ allomaning sermashaqqat va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu o‘rin egalladi, avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoldi.

Ma’lumki, Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan milliy uyg‘onish harakatining atoqli rahbarlaridan biri sifatida ayni shu davrda o‘zbek xalqi ijtimoiy ongining uyg‘onishida muhim rol o‘ynadi. U Turkistonda yangi usul maktablarining ochilishi, milliy matbuotning yuzaga kelishida faol ishtirok etibgina qolmay, birinchi o‘zbek dramasini yaratib, professional o‘zbek teatr san’atining maydonga kelishiga zamin hozirladi. U xalq va jamiyatni ma’rifatlashtirish orqali mustaqillikka erishish g‘oyasini olg‘a surgan va shu qutlug‘ yo‘lda halok bo‘lgan ulug‘ ajdodimizdir.

Biz Behbudiy haqida fikr yuritar ekanmiz, har gal ko‘z o‘ngimizda xalq va millatni yuksak ma’rifat ila taraqqiy ettirishga bel bog‘lagan mahoratli pedagog, mohir dramaturg, salohiyatli adabiyotshunos, qat’iy pozitsiyali publisist, bir so‘z bilan aytganda, milliy qahramonning viqorli qiyofasi, boy ma’naviy siymosi gavdalanadi. Bu shunchaki balandparvoz e’tirof, quruq maqtov emas, jadidchilik harakati va allomaning hayotiy­ijodiy faoliyatidan xabardor barchaning ko‘nglidan kechadigan aniq tasavvur. Chunki Behbudiy yaratgan san’at asarlari, teatr sahnasi, noshirlik manbalari, ma’rifat maskanlari bu borada keng ma’lumot, iliq xulosa, o‘chmas xotiralar bera oladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati va merosini o‘rganishu o‘rgatish borasidagi harakatlar adibning o‘zi yashab turgan davrdanoq boshlangan bo‘lib, bugungi kungacha alloma to‘g‘risida juda ham ko‘plab maxsus tadqiqotlar olib borildi, ilmiy­pedagogik, badiiy ­publisistik asarlar yaratildi. Shu boisdan ham bu borada yana nimadir muhim so‘z aytish, nodir yangilik kashf etish amrimahol. Ammo, adibning ijodiy merosi hamisha yangiliklarga oshufta, ilmiy­amaliy kashfiyotlar uchun boy ma’rifiy manbadir. Xususan, allomaning o‘z davri nashrlarida chop etilgan ijtimoiy­ma’rifiy xarakterdagi maqolalari ham alohida ahamiyatga sazovor.

Yosh avlod ta’lim­tarbiyasi masalasi barcha jadidlar singari Behbudiyni ham chuqur qayg‘uga solgan. Yoshlar taqdirini bevosita millat taqdiriga bog‘lagan. Millatning taraqqiy etishi yoki yo‘q bo‘lib ketishi o‘sib kelayotgan yosh avlodning ilm­ma’rifati, maqsad­maslagiga chambarchas bog‘liq, deb hisoblagan. Ushbu ulug‘vor g‘oyalarini, muhim amaliy qarorlarini jamiyatga singdirib, barchani xayrli tashabbuslarga, islohotlarga undagan. Ma’rifatparvar o‘z qarashlari va qayg‘ularini 1913­-1914 yillarda “Oyina”, “Samarqand” jurnallarida chop etilgan “Yoshlarg‘a murojaat”, “Muhtaram yoshlarg‘a murojaat” “Ikki emas, to‘rt til lozim”, “Ehtiyoji millat”, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” kabi ko‘plab maqolalarida, adabiy manzumalarida aniq tahliliy ma’lumotlar asosida, raqamli ko‘rsatkichlar bilan chuqur va ta’sirchan yoritib bergan.

Jumladan, “Muhtaram yoshlarg‘a murojaat” nomli maqolasida muallif shunday xitob qiladi: “Muhtaram birodarlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib — taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoye’ va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa, dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmas. “Muborizai hayot” maydonida mutlaqo mag‘lub bo‘lur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda o‘zgalarning asiri bo‘lub, bora­bora milliyat va diyonatini ham qo‘ldan berur. Ana ushbu yo‘llar ila oxiri mahv va nobud bo‘lub ketar”.

Zamondosh hammaslaklari singari Behbudiy ham millat ma’rifatini oshirish, shu orqali jamiyatni yuksaltirish, ijtimoiy hayotni yaxshilashni istaydi. Shu yo‘lda o‘zining barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Jamiyatni halokatdan qutqaruvchi, rivojlantiruvchi asosiy manba ilm­ma’rifat, deb hisoblagan alloma yuqoridagi maqolasida o‘z davrining faol va ziyoli yoshlariga mukammal savod chiqarishga, zamonaviy bilimlar berishga mo‘ljallangan maktablar ochish, yuqori malakali muallimlarni ko‘paytirish zaruratini yuklaydi. Taraqqiy etgan davlatlarning bu boradagi tajribalarini o‘rganishga chaqiradi. Rivojlanib borayotgan mamlakatlar va millatlarning barchasi, avvalo, zamon bilan hamnafas holda ibtidoiy (boshlang‘ich) ta’lim va tarbiyani mustahkamlashga, milliy va diniy ruhni singdirishga chuqur e’tibor qaratishini aniq dalillar bilan ko‘rsatib o‘tadi: “Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarining ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarning har jihatdan intizom va akmolig‘a ahamiyat berub bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdurarlar. Aning uchundurki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar. Va luzumi kelganda bu yo‘lda molu jonlarini fido etmoqg‘a hozir turarlar. Mana, hozirgi urushlar va iqtisodiy tortishlar diyonat va milliyat hissiyoti natijasidur”.

Shuningdek, “Ehtiyoji millat” maqolasi ham Behbudiyning jamiyat taraqqiyoti, millat ma’rifati, yosh avlod taqdiri borasidagi kuyunchak fikrlarini qamrab olgan. Uning mazmunida bugunning nafasi ham aks etib turadi. Bundan roppa­rosa bir asr avval Behbudiy va u kabi ma’rifat peshvolarining tinchini buzib, uyqusini o‘chirgan muammolar bugun o‘z yechimini topmoqda. Xorijiy tajriba almashish asosida fan­texnika jadal taraqqiy etmoqda, zamonaviy bilimlarni egallagan, “ikki emas, ko‘p tilni” biladigan

malakali yoshlar, mas’uliyatli mutaxassislar safi kengayib bormoqda. Shunday bo‘lsa ham, Behbudiyning otashin da’vatlari o‘z dolzarbligini saqlab turibdi: Qisqa qilaylik, boshqa millatlarning boylari faqira va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni o‘qumog‘i uchun vaqf “istipendiya”lar ta’yin qilur. Boshqa millat miliunerlari maktabi ila istipendiyasi­la, idora qilaturgon gazet va majallasi­la, bino qilgan dorulojizin (ayollar universiteti), barpo qilgan jam’iyati xayriyasi­la faxr qiladur.

Ushbu fikrlardan ko‘rinadiki, allomani millat, yurt kelajagi tashvishga soladi. Mol­dunyo, dabdabaga o‘ch bo‘lib, undan faqat maishiy maqsadlarda foydalanishni chinakam qashshoqlik deb qoralaydi. Bu illat egalarini ezgu amallarga chorlash uchun boshqa millat davlatmandlarining ilm­fan, maktab­maorif yo‘lida qilayotgan xayrli tashabbuslarini namuna qilib ko‘rsatadi. To‘yu tomosha, maishatlarga sarflayotgan boyliklarini zamonaviy maktablar ochish, muallimlar tayyorlash kabi ma’rifiy ishlarga yo‘naltirishga chaqiradi. Shunisi e’tiborliki, Behbudiyning ushbu qarashlari hamon dolzarb. Bugun ham jamiyatda o‘z boyligini ko‘z­ko‘z qilishni, turli ko‘rinishdagi oilaviy tadbirlarini o‘ta dabdababozlik bilan nishonlashni xush ko‘ruvchi toifalar ko‘plab kuzatiladi. Vaholanki, muqaddas kalomlarda ham insonga berilgan boylik o‘zi uchun ne’matu sinov bo‘lib, bu davlatda ko‘pgina muhtojlarning, faqirlarning ham haqqi borligi, uni xayru ehson yo‘lida sarflabgina chinakam saodatga erishish mumkinligi uqtiriladi.

Tarixning ziddiyatli va keskin vaziyatlarida erk va ozodlik, ilm va ma’rifat uchun kurash maydoniga chiqib kelgan alloma yuqoridagi kabi qarashlarini “Padarkush” dramasida ham san’atkorlik bilan aks ettirganki, mazkur asar o‘z davridanoq teatr sahnalarini zabt etib, jamiyatga, butun insoniyat qalbiga, shuuriga ma’rifat urug‘larini, ilm ziyosini sochib, johiliyatdan qochishga chorlab keladi. Boylikka hirs qo‘yish va ochko‘zlikning, ilmsizlikning salbiy oqibatlarini shaxs fojeasida gavdalantirgan mazkur drama jamiki insoniyat uchun muhim ibrat maktabidir.

Darhaqiqat, ta’lim­tarbiya, ilm­fan, ma’naviyat va ma’rifat masalasi insoniyatning umri davomidagi ijtimoiy zarurati sanaladi. Bu masalalar hayot bilan, jamiyat bilan, rivojlanish bilan o‘zaro qorishib ketgani, biri ikkinchisini taqozo qilgani bois, hamisha, har qanday davr va zamon, har qanday manzil va makon, har bir millat va mamlakatning muhim ehtiyojidir.

Zotan, yaxshi ta’lim­tarbiya olgan, zamonaviy bilimlarni egallab borayotgan avlod yorqin kelajak uchun ishonchli va mustahkam kafolat bo‘la oladi. Shu jihatdan, bugun ham yoshlar masalasi davlat siyosati darajasidagi maqomini saqlab turibdi. Yosh avlodning yetuk salohiyatli, teran tafakkurli, ilmu ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur bo‘ladigan barcha shart­sharoitlar yaratib berilmoqda. Biz bularni ko‘p bor e’tirof etamiz, ta’kidlaymiz. Yoshlardan ham ushbu keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, chuqur bilim olib, oilasi va jamiyatga nafi tegadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga amal qiladigan, Vatan ravnaqiga kamarbasta chin inson, buyuk ma’rifatparvar ajdodlariga munosib avlod bo‘lib yetishishini umid qilib qolamiz.

Feruza AZIMOVA,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi