Mahmudxo‘ja Behbudiy merosida ona tili muammolari

Mahmudxo‘ja Behbudiy merosida ona tili muammolari

Mahmudxo‘ja Behbudiy diniy va dunyoviy bilimlar sohibi, o‘z asarlarida davrning o‘tkir muammolarini ko‘targan va ularga tahliliy munosabat bildirgan, umrining oxirgi damlarigacha millat qayg‘usi bilan hayot kechirgan Vatanning fidoyi o‘g‘loni. U o‘z davri o‘zbek mutafakkirlarining chinakam peshvosi bo‘lib tarixga kirdi.

Alloma merosiga chuqur nazar tashlansa, uning faoliyati din, falsafa, tarix, jamiyatshunoslik, qadriyatshunoslik, tilshunoslik, geografiya, iqtisod, siyosatshunoslik kabi turfa sohalarni qamrab olganiga guvoh bo‘lish tabiiy. Buni quyidagi uch omil bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, alloma yashagan davrda Turkiston o‘lkasida ilm-fan taraqqiyotida qoloqlik kuzatilgani qahramonimizning ilm-fanning barcha sohalariga birdek e’tibor qaratishga majbur qilgan.

Ikkinchidan, tarixiy manbalarda Behbudiyning o‘tkir zakovat egasi bo‘lgani yozib qoldiriladi. U o‘zi kirishgan sohasini tezda o‘zlashtirib olar edi. Bu esa allomaning turli fanlar mohiyatini qisqa muddatda anglab, ulardagi muammolarni tahlil qilish imkonini bergan.

Uchinchidan, Mahmudxo‘ja Behbudiy chinakam millat farzandi, taraqqiyparvar shaxs bo‘lgani uchun xalqning biror muammosini chetlab o‘ta olmas edi. Shuning uchun o‘z asarlarida, maqolalarida va ma’ruzalarida XX asrga qadam qo‘ygan Turkiston xalqlarining barcha muammolariga yechim topishga harakat qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zlagan nutqlarida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat... singari jadid mutafakkirlar harakati o‘z davrida Uchinchi renessansga aylanish ehtimoli bo‘lganini, lekin bu harakat qo‘llab-quvvatlanmagani sabab ko‘zlangan maqsadga erisha olmaganini qayd etdilar. Darhaqiqat, Mahmudxo‘ja Behbudiy singari fidoyilarimizning orzulari amalga oshganida Uchinchi renessans voqelikka aylanib, xalqimiz mustabid tuzumning salbiy ta’siriga tushmagan, balki XX asr boshidayoq mustaqillikka erishgan bo‘lar edi, degan xulosaga kelishga tarixiy asoslar yetarli.

Behbudiy o‘z asarlarida ko‘targan muammolardan biri bu ona tilining taraqqiyoti masalasidir. 1913-yilda “Oyna” jurnalining 1-sonida “Ikki emas to‘rt til lozim” nomli maqolasini e’lon qiladi. Keyinchalik, 1914-yilda “Oyna” jurnalida “Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi”, 1915-yilda esa “Til masalasi”, “Sart so‘zi majhuldir” kabi maqolalarni e’lon qiladi. Ularda ona tilining holati, unga turli xorijiy tillar ta’siri, adabiy va ommaviy til masalalari, lahja va shevalar sababli yuzaga kelayotgan muammolar, millat taraqqiyoti uchun bir nechta xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish zarurligi kabi mavzularni ilgari suradi.

Allomaning ona tili muammolariga bag‘ishlangan maqolalari yaxlit bir tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan. E’tiborli jihati, ular mantiqiy jihatdan uzviylikni tashkil qiladi. Tarixiylik asosida ularning mazmuni haqida bahs yuritamiz.

“Ikki emas to‘rt til lozim” nomli maqolasida muallif Turkistonliklar asosan o‘zbek tilida gaplashsa-da, lekin taqdir taqozosi bilan ular qadimdan arab va fors tillariga doim ehtiyoj sezganlari, din ilmini bilish uchun arab, adabiyot va madrasa muhiti mohiyatini anglash uchun fors tillarini, shuningdek, klassik turkiy tilni bilishlari zarurligini ta’kidlaydi. Shuningdek, Chor Rossiyasi bilan tarixiy aloqalar shakllangani uchun rus tilini o‘rganish muhimligini asoslab beradi.

Mutafakkir izlanishlarini davom ettirib, “Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi” maqolasida Behbudiy o‘sha paytda turkiy xalqlarga nisbatan ishlatilishi yoyila boshlagan “sart” so‘zining kelib chiqishi, etimologiyasini tahlil qilib, bunday so‘zni ishlatish xato ekanini asoslab beradi. Mazkur maqola “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida chop etilgan “Sart so‘zi ma’lumdir” nomli maqolaga raddiya sifatida bitilgan. Alloma “sart” so‘ziga qarshi chiqishi, uni turkiy xalqlarga nisbatan ishlatish mumkin emasligi borasidagi qat’iy xulosasi o‘z davrida turli bahs-munozaralarga, muxolifatning e’tirozlariga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

1915-yilda Behbudiy “sart” masalasiga qaytib, “Oyna” jurnalining bir necha sonlarida “Sart so‘zi majhuldir” degan nom ostida turkum maqolalar chop etadi. Mazkur maqolalarda mutafakkirning tarix va tilshunoslikni chuqur bilishi yaqqol namoyon bo‘ladi. Yakunda mutafakkir 13 banddan iborat ilmiy asoslarni bayon qiladi va ularga “Sho‘ro” jurnalida bosilgan Baqoxo‘ja Samarqandiyning 9 ilmiy asosini qo‘shadi. “Sart so‘zi majhuldir” maqolasini o‘qigan kishi Mahmudxo‘ja Behbudiyning bir necha tilda yozilgan manbalardan mohirlik bilan foydalanganiga guvoh bo‘ladi. Maqolada bir necha asrlik tarix tilga kiradi.

Mazkur maqolalar orasida ona tili muammolariga bag‘ishlangan va  chuqur tahliliy xulosalari bilan yaqqol ajralib turadigani, shubhasiz, “Til masalasi” maqolasi hisoblanadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Til masalasi” maqolasini “Oyna” jurnalining ikki sonida chop ettiradi. Maqolada XX asr boshida Turkiston o‘lkasida ona tilining holati, asrlar davomida fors va  arab tillarining unga ta’sir etgani, turkiy tilning asliyatini saqlash va bu borada chuqur o‘ylangan va uzoq muddatli ishlar olib borish lozimligi kabi masalalar atroflicha tahlil qilingan.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning serqirra va sermazmun merosi, unda ko‘tarilgan dolzarb masalalar mana necha asr o‘tibdiki hali hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Uni o‘rganish, allomaning orzu-armonlarini ro‘yobga chiqarish biz avlodlarning tarixiy mas’uliyatidir.

Saidafzal SAIDJALOLOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini

 o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi.