Mahmudxo‘ja Behbudiy diniy va dunyoviy bilimlar sohibi, o‘z asarlarida davrning o‘tkir muammolarini ko‘targan va ularga tahliliy munosabat bildirgan, umrining oxirgi damlarigacha millat qayg‘usi bilan hayot kechirgan Vatanning fidoyi o‘g‘loni. U o‘z davri o‘zbek mutafakkirlarining chinakam peshvosi bo‘lib tarixga kirdi.
Alloma merosiga chuqur nazar tashlansa, uning faoliyati din, falsafa, tarix, jamiyatshunoslik, qadriyatshunoslik, tilshunoslik, geografiya, iqtisod, siyosatshunoslik kabi turfa sohalarni qamrab olganiga guvoh bo‘lish tabiiy. Buni quyidagi uch omil bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, alloma yashagan davrda Turkiston o‘lkasida ilm-fan taraqqiyotida qoloqlik kuzatilgani qahramonimizning ilm-fanning barcha sohalariga birdek e’tibor qaratishga majbur qilgan.